So'nggi Tiko avtomobiliga bag'ishlanadi.
Kechagina bir o'ram temir, Bugun esa tayyor mahsulot. Tasodifmi va yoki taqdir? So'nggi "Tiko" bo'libman! Xayxot!
Ortda qoldi zabardast press, Titratguvchi yerni paxlavon. Lek ajib bir nafosat ila, Nafis shakl berdi u o'g'lon.
Tun qo'ynida yulduzlar kabi Uchqun sochib har yon fusunkor, Duo aylar meni payvandlar: - Temir pirim bo'lsin madadkor!
Hur qizlardek pok etib tanim, Har tomonim silab siypalab, Rang berdilar, berdilar jilo Kelinchakdek meni erkalab.
Ko'z qirini tashlasa quyosh, Nur sochilur yanoqlarimdan. Go'yo boshin egib kamalak Jilo olgan bo'yoqlarimdan.
Chaqaloqdek bosar bag'riga, Konveyerlar go'yoki beshik. Maftun etib o'z jamoliga Yig'uv tsexi ochadi eshik.
Motor qo'ydi, ixcham, lek abjir, Soat kabi ishlar bu yurak. Yelgin, - derlar, -bu zamin aro, To'xtamasin aslo g'ildirak.
Har qadamda abjir ustalar. Bir-bir terib chiqdilar jismim. Yopishtirib qo'ydilar xatto "Tiko" degan chiroyli ismim.
O'g'lonlar bor, ko'zlari lochin, Ilg'ab olar har bir nuqsonni. Tekshirishib ko'rib birma-bir, Extiyot qil, - derlar, - Insonni.
Chiqib keldim yorug' olamga, Ko'z-ko'z qilib chiroqlarimni. Damaslar-u Neksiyalarga Maqtanaman bo'yoqlarimni!
Oq yo'l tilar so'nggi bor zavod Mehrim jo'shar tilaklaridan: "Madadkor bo'l insonga, xamroh, Rahmat aytsin yuraklaridan"
Mayli so'nggi "Tiko" bo'lsam ham, Elga xizmat qilmay qolmayman Bilib qo'ysin, o'zbegim o'g'lin, Xizmat qilib sira tolmayman.
"Tiko" derlar mening ismimni! Tezkor, Ixcham so'zlari mavjud, Kuchli derlar, hamda Orasta, Hammasidan jam bo'lgan vujud.
Men so'nggiman, lekin ortimda "Matiz" degan ukajonim bor! "Damas" xizmat qilar beminnat, "Neksiya"ga ayting iftihor.
Biz o'zbekning o'g'lonlarimiz, Toylarimiz alplari mingan. Faxr aylang, loyiqmiz bunga O'zbegimning mexnati singgan!
Alisher BEK Fevral, 2004 yil.
|