Agar biror ishim yurishmasa, to'siqlarga duch kelsam, doimo kimnidir, nimanidir aybdor qilib, o'zimni oqlamoqqa urinardim. Zamon o'lsin, taqdiri azal deb qo'yardim. Lekin yillar o'taverdi, onlar ketaverdi, lekin taqdir ham, zamon ham, makon ham o'zgarmadi, faqat men o'zgardim, o'zgaraverdim. Besh qo'l baravar emas deydilar. Lekin ularni baravar ko'ring, shunda ularning farqli tomonlarini juda aniq ko'ra olasiz. Aks holda besh barmoqning farqi juda sodda ko'rinadi.
Falsafaga berilmay deyman, lekin bu falsafa ham aslida o'zimning xatolarimni tan olmaslik uchun o'ylab topilgan bahona ekanini juda yaxshi bilaman. O'zgalarga nazar solaman: ularga fikrimni aytsam ustimdan kulishadi, lekin o'zlari ham shunday ekanliklarini tan olgilari kelmaydi. Balki bu satrlar ham o'zimni boshqalardan farqli qilib ko'rsatish uchun yozilayotganini sezmaganim ma'qulmidi?!
Taqdiringdan nolima inson,
Ro'kach qilma, beayb zamona,
Xayot yo'lin topa olmasdan,
Qidirasan faqat bahona.
Olloh bizni birdek yaratgan,
Qilolmaysan buni bahona.
O'z qo'lingga berilgan taqdir
Shunday bo'lib kelgan zamona.
|