Muhabbat... Bu qanchali sirli, qanchali maftunkor, qanchali alamli va sitamkor bo'lmasin, baribir uni chetlab o'tolmaymiz. Kitoblarda o'qigan muhabbatni izlardim, Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Romeo va Juletta, Farida va Kamron muhabbatlariga havas qilardim, ularni ilohiy tuyg'uga asir ekanliklarini hayotiy tuyg'ular bilan alishtirardim. Men ham mana shunday muhabbatga asir bo'lishni istardim.
Lekin, ko'p vaqtlar davomida, yillar davomida muhabbatga bo'lgan e'tiqodim shu qadar kuchayib bordiki, men o'zimdan o'zgani seva olmaydigan darajaga borib qoldim.
Keyinroq esa ilohiy muhabbat nima ekanini his qila boshladim. Bu mening muhabbatga bo'lgan e'tiqodimni butunlay o'zgartirib yubordi. Shundagina qalbim ko'zlari bu hayotiy muhabbatdan qanchalar ko'r bo'lganini payqadim, muhabbatim qurbonlarini ko'rdim, behuda singan yurak parchalarini ko'rdim: Bularning hammasi mening hayolimdagi muhabbatga yetishish uchun berilgan qurbonlar edi. Rad etilgan muhabbatlar, eshitilmagan dil izhorlari, javobsiz nigohlar, o'qilmagan muhabbat nomalari.....
Bularning cheki yo'qdek tuyilardi. Qo'limdan esa tavba qilishdan o'zga narsa kelmasdi. Isrofning uvoli tutadi degan gapning haqiqatligidan qo'rqardim. Ko'nglim o'ziga bo'lgan o'z muhabbatidan naftratlanardi va bir vaqtning o'zida g'ururlanardi.
Muhabbatning esa chiki ko'rinmasdi.... Dardim esa kun sayin ortib borardi: men endi muhabbatning o'ziga muhabbatdan aziyat chekardim, hijronida parchalanib, visol umidida yashardim. Hayollar esa meni tinch qo'ymasdilar, hiyonatda ayblardilar. Orzular manguga yana qayta orzuga aylandi...
Muhabbat ortiga qaytmadi...
Bog'imga qaytganda sabolar,
Qaytadan yaraldi navolar.
Shabnamga to'yganda havolar
Muhabbat ortiga qaytmadi,
Qayerda qolganin aytmadi...
Kelganda g'uncha deb uzmadim
Yurakning zulfinin buzmadim
Muhabbat ekanin sezmadim
Adashdim. Ketdi-yu, qaytmadi...
Sevgilim ekanin aytmadi...
Zor bo'lib kutganim yetmasdan
O'zgaga parvo ham etmasdan
Ortidan ergashib ketmasdan
Qolgandim. U esa qaytmadi...
"Yur birga ketdik" - deb aytmadi...
Ajib so'qmoqlarda qoqindi yurak
Muhabbat bog'ida yolg'onchi tilak
Bo'lganda men emas, u menga kerak
Muhabbat ortiga qaytmadi.
Qaytsa ham, manzilin aytmadi...
Azimga aylandi nozik bo'y nihol:
Bir umr xijronda to'lg'onib behol,
Bo'lganda dilpora yetishmay visol
Muhabbat ortiga qaytmadi...
Ortiga qaytmasin aytmadi...
Bu satrlar esa men uchun qadrli va serma'no bo'lib qoldilar....
|