Rabindranat Tagor "Shubha"
Qizchaga Shubxashin (shirin zabon) deb nom qo'yganlarida, uning soqov bo'lishini kim ham o'ylabdi deysiz? Uning ikki egachisiga Shukeshini (zulfizar) va Shuxashini (xushtabassum) deb nom qo'ygan edilar; binobarin, otasi ohangdoshlik uchun kichigiga Shubxashini deb nom qo'ygan edi. Uni qisqartib Shubxa deb chaqirardilar.
Katta qizlarini, odat bo'yicha, ko'p taraddud va xarajatlar bilan erga berdilar-u, kichik qizning taqdiri esa ota-onani qattiq tashvishga solib qo'ydi. Odamlar, gapirolmagan kimsada his-tuyg'u ham bo'lmaydi deb, Shubxaning taqdiri haqidagi tashvishlarini uning o'z oldida ro'y-rost so'zlay berardilar.
Qizcha dunyoga kelishi oilaning boshiga yoqqan la’nat bo'lganini bolaligidanoq sezgan edi. Shuning uchun odamlardan o'zini chetga olib, doim yolg'izlikka intilar edi. Hamma uni birdan esdan chiqarib qo'ya qolsa, unga ancha yengil bo'lardi, chog'i. Biroq, o'z musibatimtm ham esdan chiqara oladi? Ota-onasi shu haqda o'ylagani-o'ylagan. Ayniqsa onasi hammadan ko'proq iztirob chekardi. U qiziga qarab o'zidan nomus qilardi: qiz degan onaga o'g'il boladan ko'ra hamisha yaqinroq bo'ladi-da. Qiz bola ona vujudining bir qismi, undagi har qanday nuqson onani nomusga qo'yadi. Shubhaning otasi Banikontxa hamma qizlaridan ham Shubxashinini yaxshi ko'rardi, onasi esa aksincha, unga uncha ro'yxush bermasdi.
Shubxa tildan mahrum bo'lsa ham, lekin ko'zlari qora, shahlo, kipriklari uzun, lablari qiz qalbida tug'yon urgan hislarni aks ettirib, gul bargiday titrab turardi.
Fikirimizni birovga bayon qilish uchun qanchadan-qancha urinamiz. Yetarli darajada ravshan bayon etolmasak, fikirimizni noto'g'ri tushunadilar. Ammo qizning qora ko'zlari so'zga muhtoj emas: ular xuddi yurakning o'zini ifoda etadilar: uning tuyg'ular goh alangalanib, goh zaif miltillaydi, goh yolqinlanib ketib, goh horg'in so'nadi, goh botayotgan oydek osuda boqib, goh osmon gumbazini yoritib o'tgan chaqmoqdek porlaydi. Kimki soqov bo'lib tug'ilsa, unda til vazifasini titroq lablar bilan ko'z bajararkan. Ko'z tilining ifoda kuchi cheksiz: bu ifoda dengizdek chuqur, osmondek tiniq: u — tongotar bilan kun botar chog'i sokin yerda yog'du va soyalar almashuvigacha aks ettirarkan.
Soqovlarda, xuddi tabiatdagidek, tanholikning salobati bo'ladi, shuning uchun bolalar Shubxadan hayiqar va u bilan hech o'ynamas edilar. U kimsasiz, jazirama peshin chog'idek unsiz va tanho edi...Добавлено (02.04.2009, 17:15)
---------------------------------------------
II
Shubxa Chondipur degan qishloqda turardi. Bengaliyaning ko'p joylaridagidek, bu yerdan ham kichkinagina bir daryo oqib o'tar, bu daryo o'rta tabaqaga mansub qizlarday odob saqlab, o'zining tor qirg'oqlaridan sira oshib toshmasdi.
Bu himmatli daryo qishloq oilalarning teng huquqli a'zosi singari, o'z qirg'oqlaridagi qishloqlarga astoydil g'amho'rlik qilardi. Uning ikki sohili bo'ylab uylar, yam-yashil daraxtlar tizilib ketgan, go'yo daryo tangrisi o'z qarorgohidan tushib, sahovat bilan bu yerlarga baraka va nusrat urug'ini sepgan edi.
Banikontxaning hovlisi daryo qirg'og'iga tutashar, yonidan suzib o'tgan qayiqchalarga poxol bilan yopilgan saroy, molxona, ombor, tamarind daraxtlari va butalar bilan ihota qilingan bog'cha bemalol ko'rinib rurardi. Lekin bu to'la-to'kis ro'zg'orda soqov qiz borligini birovlar bilarmikin, buni ayta olmayman.
Shubxa ishlarini bitirib, darhol daryo qirg'og'iga borardi. Bu yerda tabiat baxtsiz qizning yarimta ko'ngliga malham bo'lar, u bilan go'yo suhbat qurardi. Suvning sharillashi, odamlarning ovozi, qayiqchilarning qo'shig'i, qushlarning sayrashi, daraxt yaproqlarining shitirlashi bir-biriga qo'shilib, Shubxa qalbidagi sevinchga quyilib, bolaning hayajonli, ammo mangu sokin yuragiga to'lqinlar sadosidek kirib borar, tabiatning bu bo'g'iq suroni va bu harakat soqov qizning tili edi; yaproqlarida chigirtkalar chirillab turgan daraxtdan tortib, to osmondagi sas-sadosiz yulduzlargacha — hamma narsa uning kipriklari soya tashlagan shahlo ko'zlarida aks etar edi. Shubxa uchun butun atrof sirli imo-ishoralar, harakat, qo'shiq, ko'zyoshi va nidolar bilan to'lgan edi.
Choshgohda paromlar to'xtab, qayiqchi va baliqchilar ovqatga ketib, dehqonlar soya-salqinda yotib uxlaganda, qushlar nag'masi tinib, notinch olam oromga tolganda, keng dunyo kimsasiz uydek huvillab, sukunat cho'kkanda, jazirama osmon gumbazi ostida tilsiz tabiat bilan daraxt soyasida o'tirgan soqov qiz yuzma-yuz uchrashadilar.
Shubxaning do'stlari yo'q emas. Molxonada Shorboshi va Panguli degan ikki sigir bor. Ular qiz og'zidan o'z laqablarini biror marta eshitmagan bo'lsalar ham, uning qadam tashlashini sharpasidan bilar edilar. Qiz gapirolmasdi, lekin uning shivirlashi va ma'nosiz ovozini jonivorlar har qanday so'zdan yaxshiroq tushunardilar. Ular Shubxaning erkalatishlarini ham, koyishlarini ham anglardilar; agar qiz molxonaga kirib Shorboshining bo'ynidan quchoqlasa, u yuzlarini uning yuzlariga surkar, Panguli bo'lsa beozor ko'zlari bilan yosh do'stiga tikilib, yuzlarini yalardi. Shubxa molxonaga kuniga uch daf’a kirishi lozim bo'lsa-da, aslida u bu yerga ko'proq qatnardi, ayniqsa uyda xafa qilganlarida darhol indamas do'stlari oldiga kirib borardi. Hayvonlar itoatkor, muloyim, xayrixoh ko'zlari va qandaydir noma'lum bir sezgi bilan qizning qalbidagi dardni anglar, unga yaqinlashib, shoxlarini Shubxaning qo'llariga asta surkab, beso'naqay harakatlari bilan so'zsiz tasalli berishga urinar edilar. Bulardan boshqa, yana echki bilan mushuk ham bor edi, lekin Shubxa ularga unchalik mehr qo'ymagan, shunga qaramay, ular ham Shubxaga mehribon edilar. Mushukcha qizning yumshoq tizzasiga chiqib o'tirishni, u nozik panjalari bilan bo'yni va orqasini silaganda, xurillab yotishni juda yaxshi ko'rardi.
Добавлено (02.04.2009, 17:15)
---------------------------------------------
III
Oliy mavjudot orasida ham Shubxaning bir o'rtog'i bor edi. Ularni bir-biriga bog'lagan narsa nima ekanini aytish qiyin, chunki unga do'st bo'lgan o'g'il bolaning tili bor edi. Bu esa ularning umumiy til topishlariga xalaqit berardi.
Gonshayning kichik o'g'li Protap juda yalqov bola edi, ota-onalari unga biror hunar o'rgatamiz deb juda ko'p urinsalar ham, hech qanday natija chiqmadi, oxiri noumid bo'lib, bo'lmaganga bo'lishma, maqomida uni o'z holiga qo'yib berdilar. Ammo bekor xo'jalaming bir xislati bor: uydagilar ularni qancha urib-so'ksa ham, o'zgalar ularni albatta yoqtirib qoladi. Yalqovlar hech qanday ish bilan bog'liq bo'lmaganlari uchun go'yo jamoat mulkiga aylanadilar. Har bir shaharga bir saylgoh bog' zarur bo'lganidek, har bir qishloqda ham bitta-ikkita takasaltang bo'lar ekan, ular yo o'yin-kulgi ishqibozlarining xizmatida yoki yalqovlaraing suhbatida band bo'ladilar.
Protapning asosiy mashg'uloti qarmoq bilan baliq ovlash edi. Bu ishga u juda ko'p vaqt sarf etardi, uni hamisha daryo bo'yidan topish mumkin edi. U Shubxa bilan ham xuddi mana shu yerda uchrashib turardi. Protapga har qanday ishda ko'ngilli sherik kerak. Baliq ovida esa, tilsiz sherikdan yaxshisi bormi. Shuning uchun Protap Shubxaning qadriga yetardi. Boshqalar qizni Shubxa deb atasalar, bu unga juda yaqin ekanini ko'rsatish uchun sodda qilib Shu deb chaqirar edi.
Odatda Shubxa tamarind daraxti tagida o'tirar, Protap esa sal nariroqda qarmoq solardi. Protapning betel chay-nash odati ham bor. Qizcha o'rtog'i uchun bu narsani o'zi tayyorlaydi. U Protapni uzoq kuzatib, unga biror narsa bilan ko'maklashishni chin ko'ngildan istar, uning uchun ajoyib bir ish qilib, yigitchani, bu qiz ham yer yuzida ortiqcha emas ekan-ku, deb o'ylashga majbur etmoqchi bo'lardi. Biroq Shubxa hech narsa o'ylab topolmadi. Shunda u tangridan do'stini taajjubga qoldiradigan biron katta ish qilish uchun o'ziga kuch-quvvat tiladi, toki Protap hayrat bilan; «Qarang-a, Shubxaning qo'lidan bunaqa ishlar kelar deb sira o'ylamagan edim!» deb yubo-radigan bo'lsin, deb iltijo qildi.
Qani endi Shubxa suv parisi bo'lsa! O'shanda u ohista suvdan chiqib, Protapga ilonlar shohining boshidagi tojdan qimmatbaho tosh olib kelar, Protap bu bachkana baliq ovini yig'ishtirib, shu bebaho tosh bilan daryo tubiga tushib ketardi. Suvosti saltanatiga tushganida esa, kumush saroydagi oltin taxt ustida kimni ko'rardi deb o'ylaysiz? Albatta shu tilsiz Shunida, Banikontxaning qizi, bizning Shuni, ya'ni bu nurafshon va osoyishta suvosti olamining yagona qizini ko'rgan bo'lardi. Afsuski, bu mumkin emas! Bu umuman dunyoda mumkin bo'lmagan biror ish yo'qligidan ham emas, buning sababi shuki, Shubxashini podsho oilasida tug'ilmagan, Banikontxa oilasida tug'ilgan, binobarin, Gonshaynning o'g'li Protapni hayratda qoldirishga uning kuchi yetmaydi.
Добавлено (02.04.2009, 17:17)
---------------------------------------------
IV
Shubxa balog'atga yetayozdi; u o'z tuyg'ularini ham anglay boshladi, chog'i. Yuragida oydin tunlar dengizda mavj uradigan to'lqinlarday zo'r, jozibador, yangi va g'alati fikrlar paydo bo'la boshladi. Uning boshginasida son-sanoqsiz savollar uymalashar, lekin qiz ularga javob topolmasdi.
Bir oydin kechada Shubxa astagina eshikni ochib qo'rqa-pisa tashqariga bosh suqib, tevarakka alanglab qaradi. Shubxaning o'ziday yolg'iz to'lin oy uxlayotgan yerga boqardi. Qizning vujudida yoshlik mavj urar, quvonch va qayg'u uning borlig'ini qamrab olgandi: qal-bida yolg'izlik dardi poyoniga yetib, qiz o'zi ham sezmagan holda tanholikning chegarasidan hatlab o'tdi. Mana endi asta to'lqinlanib turgan ona tabiat bilan hayajonli tilsiz qiz yana yakkama-yakka uchrashdilar...
Bu orada qizni erga berish muammosi ota-onaga tinchlik bermasdi. Banikontxa badavlat odam bo'lib, uning oilasida kuniga ikki marta baliq va guruch taom yeyilganiga hasadchilar ham ko'p edi; shundan bo’lsa kerak, qo'shnilari, u qizini erga berolmaydi, deb mudom g'iybat va malomat qilar edilar. Banikontxa xotinlar bilan ancha maslahatlashib, bir necha kundan so'ng qayoqqadir jo'nadi. Nihoyat, qaytib kelib:
— Kalkuttaga boramiz, — deb qoldi.
Begona shahar safariga tayyorlana boshladilar. Alamdan yuraklari siqilgan Shubxaga ko'zyoshlari sira omon bermasdi. Bir necha kundan buyon uni noma'lum bir xavf-xatar qiynar va u tilsiz bir jonivordek, goh onasi, goh otasi ketidan yurardi. Qiz shahlo ko'zlarini katta ochib, biror narsa anglash niyatida, hayajon bilan tikilsa ham, ota-onasi unga biror og'iz so'z aytmas edi.
Nima bo'ldi-yu, bir kuni tushda, odatdagicha qarmog'ini tashlab o'tirgan Protap kulib turib gap boshladi:
— Shu, senga er topishibdi! Endi sen u yerga borib erga tegasan. Ammo bizni ham esdan chiqarma.
U ortiq hech narsa demay, yana baliq ovi bilan mashg'ul bo'ldi.
O'q yeb, o'lim oldida yotgan kiyik sayyodga qanday qarasa. Shubxa ham Protapga shunday qaradi. Uning mahzun, sassiz nigohi: «Men senga nima yomonlik qildim?» deb so'raganday edi. O'sha-o'sha, Shubxa bu daraxt soyasida o'tirmaydigan bo'ldi.
Banikontxa endi uyg'onib, papiros chekib turganda, birdan Shubxa chopib kirdi-da, uning oyoqlariga yiqilib zor-zor yig'ladi. Banikontxa unga tasalli berishga urindi-yu, lekin o'z ko'zyoshalrini to'xtatolmadi.
Ertasiga Kalkuttaga jo'nashlari lozim edi. Shubxa yoshlik do'stlari bilan xayrlashish uchun molxonaga kirdi. Hayvonlarga xashak soldi, bo'yinlaridan quchoqladi, allanimalar deb shivirladi, ularga erkalatuvchi nigoh tashladi. Uning ko'zyoshlari shashqator bo'lib yuzlaridan oqib tushardi.
Qiz oydin kechada tashqariga chiqib, ko'pdan beri aziz oshnasi bo'lgan daryo bo'yidagi xushbo'y ko'katlar ustiga o'zini tashladi. U bashariyatning qudrati va xotirjam ona¬si yerni quchoqlab: «O, ona, meni qo'yib yuborma! Men seni quchganday, sen ham meni mahkam quchoqla!» deb lltyo qildi.
Ular Kalkuttaga kelgach, onasi Shubxani yaxshilab kiyintirdi. Sochlarini turmaklab, lenta bilan bog'ladi, qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezadi, boshqacha aytganda, qizning tabiiy chiroyini barbod etdi. Shubxaning ko'zlaridan yosh arimasdi. Buni ko'rgan ona, ko'zlari qizarib, qovoqlari shishadi, degan xavf bilan sho'rlik qizni koyidi, urishdi, ammo hech qanday tahdid uning ko'zyoshini to'xtatolmasdi.
Добавлено (02.04.2009, 17:18)
---------------------------------------------
Nihoyat, bir do'stini boshlab kelin ko'rgani kuyov keldi. Qizning ota-onasi, go'yo osmondan tangrining o'zi tushib kelganday, tashvish va hayajonda qolishdi. Ona, unday qil, bunday qil, deb qizni shu ahvolga olib keldiki, sho'rlikning fig'oni falakka chiqdi, uni kuyovga ham xuddi mana shu ahvolda ro'baro' qildilar.
— Durust, — dedi kuyov unga qarab.
To'xtovsiz ko'zyoshlarini ko'rgan yigit, ota-ona bilan judolikka shuncha iztirob chekkan qiz eriga yana ham muloyim, yana ham mehribon bo'ladi deb o'yladi-da:
— Gavhar sadafhing qimmatini oshirganday, qizning ko'zyoshlari ham uning qadrini oshiradi, — deb qo'ydi.
U boshqa so'z demadi.
Kalendarga qarab xayrli bir kunni tayin etdilar. To'y ham bo'ldi. Soqov qizni yigitga topshirib, ota-onasi uyga qaytdi: ularning toifasi beobro' bo'lish xavfidan qutulib, kelajaklari ta'min etilgan edi.
Shubxaning eri g'arbda ishlagani uchun tez fursatda uni ham olib ketdi. Ammo bir hafta o'tmay, kelinning soqov ekanini hamma bilib qoldi. Bordi-yu, bitta-yarimtasi buni payqamagan bo'lsa, bu qizning aybi emas. Qiz biror odamni aldayman deb o'ylamagandi. U ko'zlari bilan butun haqiqarni aytib turar, lekin hech kim uning ko'nglidagini anglamasdi. Shubxa atrofga nazar solib yoshlikdan tanish biror odamni ko'rmadiki, u bilan umumiy til topib hasratlashsa. Ana shunda soqov qiz qalbida tutib bo'lmas, g'ayriinsoniy bir faryod qo'zg'aldi, afsuski, bu alam-angiz faryodni ham parvardigordan boshqa eshituvchi bo'lmadi. Shubxaning eri bo'lsa, ikkinchi daf’a ancha e'tibor bilan faqat ko'zini emas, quloqlarini ham ishga solib, boshqa — tili bor qizga uylandi.
Добавлено (02.04.2009, 17:27)
---------------------------------------------
XAMELEON A. P. Chexov
Bozor maydonidan yangi shinel kiygan, tuguncha ko‘targan politsiya nazoratchisi Ochumelov o‘tib borardi. Uning orqasidan musodara kilingan krijovnik to‘la g‘alvirni ko‘targancha malla gorodovoy kelmoqda. Tevarak-atrof jimjit... Maydonda jon asari ko‘rinmaydi... Do‘konlar va qovoqxonalarning huvillagan eshiklari yorug‘ dunyoga ochiqqandek og‘iz ochib turibdi; ularning yaqinida hatto gadoylar ham yo‘q.
— Senmi hali qopadigan la’nati?— degan ovozni eshitadi daf’atan Ochumelov.— Yigitlar, uni ko‘yib yuboringlar! Hozirgi kunda qopitish taqiqlangan! Ushla! A... a!
Itning vangillagani eshitiladi. Ochumelov o‘girilib qarasa: savdogar Pichuginning o‘tin omboridan uch oyoqlab likonglab chopgancha alanglay-alanglay bir it qochib chiqayotibdi. Uni oharlangan chit ko‘ylakli,. nimchasining tugmalari solinmagan bir kishi quvlab kelmoqda. Gavdasi bilan oldinga intilgan ko‘yi chopib kelayotib yerga yiqiladi-da, itning orqa oyog‘ini tutib oladi. Yana itning vangillagani va: «Qo‘yyb yuborma!» — degan qichqiriq eshitiladi.
Do‘konlardan uyquli basharalar mo‘ralaydi, tez orada o‘tin ombori oldida bamisoli yerdan bodrab chiqqandek haloyiq to‘planib qoladi.
—Tartibsizlik yuz berganga o‘xshaydi, janoblari!..— deydi gorodovoy.
Ochumelov chapga burilib, to‘planganlar tomon qarab yuradi. Xuddi ombor darvozasi oldida u haligi nimchasining tugmalari solinmagan odamning o‘ng qo‘lini yuqori ko‘targancha qonagan barmog‘ini xaloyiqqa ko‘rsatayotganini ko‘radi. Mastroq basharasi: «Sening vajingdan shilib olmasammi, kazzob!» deb turgandek, barmog‘ining o‘zi ham g‘alabasidan bashorat qilayotgandek. Ochumelov bu odamning zargar Xryukin ekanligini bildi. To‘planganlarning o‘rtasida a’zoyi badani dir-dir titragan ko‘yi mashmashaning sababchisi kiftida sarg‘ish qashqasi bor, tumshug‘i cho‘zinchoq oppoq tozi kuchuk oldingi oyoqlari tarvaqaylagancha cho‘nqayib o‘tirardi. Yoshlangan ko‘zlarida hasrat va dahshat aks etardi.
— Bu yerda nima sababdan to‘planib turibsizlar? — deb so‘raydi Ochumelov, xaloyiq orasiga yorib kirarkan.— Bu yerda nima qilib turibsizlar! Sen nega barmog‘ingni ko‘rsatasan?.. Baqirgan kim?
— O’zim ketayotgan edim, hech kimga tegmay, janoblari...— deya gap boshlaydi Xryukin, mushtumiga yo‘tala-yo‘tala. — Mitriy Mitrichga o‘tik vajidan uchrashgani... Daf’atan mana bu ablah buhudadan-behudaga barmog‘imga yopishsa bo‘ladimi... Siz meni kechirasiz-u, men bir zahmatkash odam bo‘lsam... Ishim juda serdiqqat. Menga tovon to‘lashsin, nega desangiz — men, ehtimolki, bu barmog‘imni bir haftagacha qimirlatolmasman... Bu narsa qonunda ham yo‘q, janoblari, maxluqdan jabr ko‘rish degan gap... Mabodo ko‘ringanni qopaveradigan bo‘lsa, dunyoda yashamay qo‘yaqolgan ham ma’qul...
Hm!.. Durust...— deydi Ochumelov jiddiy, yo‘talib va qoshlarini uchirib.— Durust... Kimning iti? Men buni shundayligicha qoldirmayman. Men sizlarga itlarni tal-taytirib yuborish qanaqaligini ko‘rsatib qo‘yaman! Qarorlarga bo‘ysunishni istamaydigan buningdek janoblarga diqqatni qaratishga allaqachon fursat yetgan! Yaramasni shartta shtrafga tortishsa, itu balo-battar daydi hayvonlar nimaligini bilib oladi! Men uning onasini ko‘rsatib qo‘yaman!.. Yeldirin,— deya gorodovoyga murojaat qiladi nazoratchi,— bu kimning iti ekanligini bil-da, protokol tuz! Itni esa yo‘qotish kerak. Darhol! Qutirgan bo‘lsa ham ajab emas... Bu kimning iti, deyman?
— Bu general Jigalovning iti shekilli!— deydi xaloyiq orasidan kimdir.
— General Jigalovning itimi? Hm!.. Paltomni yechib ol-chi, Yeldirin... Yomon isib ketdi-ya! Yomg‘ir yog‘adiganga o‘xshaydi-da... Men faqat bir narsaga tushunolmay turibman: u seni qanday qilib qopgan bo‘lishi mumkin?— deb Xryukinga murojaat qildi Ochumelov.
Добавлено (02.04.2009, 17:28)
---------------------------------------------
Nahotki barmog‘ingga bo‘yi yetsa? U kichkinagina bo‘lsa, davangiligingni qara! — Barmog‘ingni mix bilan cho‘qilab kavlagansan-da, keyin kallangga, bir nima shilsam, degan fikr kelgan. Axir sen... ma’lumsanlar-ku! Men sen iblislarni bilaman!
— U ermak uchun itning tumshug‘iga chekib turgan tamakisini bosdi, janoblari, u ham ziyrak hayvon, g‘archcha tishladi... Bu, bema’ni odam, janoblari!
— Bekor aytibsan, so‘qir! Ko‘rmaganingdan keyin yolg‘on gapirib nima qilasan? Janoblari aqlli zotlardai, kim yolg‘on gapirayotibdiyu kim sidqidildan xudoligini aytayotibdi — biladilar... Bordi-yu, men yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam mirovoy ajrim qila qolsin... Uning qo‘lidagi qonunda aytilgan... Hozirgi kunda hamma teppa-teng... Mening akam ham jandarmda xizmat qiladi... agar bilmoqchi bo‘lsalaringiz...
— Gap sotilmasin!
— Yo‘q, bu generalning iti emas,— deb o‘ychanlik bilan qayd etadi gorodovoy.— Generalnikida bunaqasidan yo‘q. Undagilar ko‘proq iskovich itlar...
— Sen buni aniq bilasanmi?
— Aniq bilaman, janoblari...
— Men o‘zim ham bilaman. Generalning itlari qimmatbaho, zotdor, bu nima o‘zi — jin urgan. Na juni boru na vajohati... qabohatning o‘zi xalos! Shunday itni boqib yuradimi-ya?! Aql-hushlaring bormi o‘zi? Mana shunday it Peterburgdami yoki Moskvada duch kelib qolsa, bilasizlarmi, nima qilishardi? U yerda qonun degan narsangga qarab o‘tirmay, o‘sha zahotiyoq — til torttirishmasdi! Sen, Xryukin, jabr ko‘ribsan, bu ishin oqibatsiz tashlab qo‘yma... Ta’zirini berib qo‘yish kerak! Fursat yetgan...
— Generalning iti bo‘lsa ham ajab emas...— deydi baralla gorodovoy o‘y surib. — Basharasiga yozib qo‘yilmagan bo‘lsa... Kuni kecha uning qo‘rasida shunaqasini ko‘rgan edim.
— Generalniki ekanligi aniq!— degan ovoz eshitiladi xaloyiq orasidan.
— Hm!.. Paltomni kiydirib qo‘y-chi, birodar Yeldirin... Shamol turib qoldi... Etim ivishyapti... Uni generalga olib borib topshirasan, u yerda so‘raysan. Meni topib jo‘natdi, deysan... Tayinlab ayt, ko‘chaga chiqazishmasin. Bu qimmatbaho it bo‘lsa kerak, bordi-yu, har bir to‘ng‘iz tumshug‘iga tamakisini ishqalayversa nobud bo‘ladi-ketadi. It — nozik bir maxluq. Sen, galvars, qo‘lingni pastga tushir. Bema’ni barmog‘ingni pesh qilaverishingning hojati yo‘k. Ayb o‘zingda!..
— Generalning oshpazi kelyapti, o‘shandan so‘rab qo‘ya qolamiz... Hoy, Proxor! Bu yoqqa kel-chi, azizim! Mana bu itni ko‘r... Sizlarnikimi?
— Topgan gapingni qara-ya! Bunaqasi bizda sira ham bo‘lgan emas!
— Buni surishtirib o‘tirishning ham hojati yo‘q,— deydi Ochumelov.— Bu daydi it! Gapni cho‘zib o‘tirishning keragi yo‘q... Daydi it, dedimmi, daydi it. Yo‘qotish kerak, vassalom.
— Bu bizning itimiz emas,— deb so‘zida davom etadi Proxor.— Bu generalning kuni kecha kelgan akasining iti. Bizning xo‘jayinning tozilarga hushi yo‘q. Akalari ishqiboz...
— Iya, u kishining akalari kelganmilar? Vladimir Ivanovich-a?— deb so‘raydi Ochumelov, iyib ketganidan aftiga tabassum yoyiladi.— Yo tavba, buni qaranglar-a! Men bo‘lsa bexabar ekanman! Mehmon bo‘lib keldilarmi?
— Mehmon bo‘lib...
— Yo tavba, buni qaranglar-a! Ukalarini sog‘inganlar-da... Men bo‘lsam bexabar ekanman! O’sha kishining itlari degin? Juda xursandman... Buni olib ket... Binoyidekkina kuchuk ekan... Ziyrakkina ekan... mana buning barmog‘ini uzib ol! Ha-ha-ha... Ha, nega titraysan? Rrr... Rr... Achchig‘lanyapti haromi... kuchukvachcha-ey.
Proxor itni chaqirib, uni ergashtirgancha o‘tin omboridan yiroqlashadi... Xaloyiq Xryukindan xoxolab kuldi.
— Shoshmaytur hali senga ko‘rsatib qo‘yaman!— deb unga po‘pisa qiladi Ochumelov va shineliga o‘ranganicha bozor maydoni bo‘ylab yo‘lida davom etadi.
Добавлено (02.04.2009, 18:03)
---------------------------------------------
ROBINDRANAT THOKUR (TAGOR) haqida.
Hindistonning buyuk yozuvchisi, adib, mutafakkir, shoir, kompozitor, pedagog va Nobel mukofoti sovrindori R. Thokur 1861 yil 7 mayda Kalkutta shahrida badavlat, o‘qimishli oilada tug‘ilgan. Thokurlar xonadonida hur fikrli ijodkorlar tez-tez to‘planib turar edilar. Shu sababli Robindranatda ijodga havas erta uyg‘ondi. Ingliz tilini puxta o‘rganib olgan adib 1878 yilda Angliyaga o‘qishga keldi va bir yarim yildan so‘ng advokat bo‘lishdan voz kechib, vataniga qaytadi va ijod bilan shug‘ullanadi. 1901 yilda o‘z mablag‘i hisobidan «Shintiniketon» («Tinchlik o‘chog‘i») deb nom olgan maktab ochadi, 1921 yilda esa shu yerda universitet tashkil etadi.
Shoirning «Oqshom qo‘shiqlari» deb nomlangan birinchi she’rlar to‘plami 1881 yilda nashr etilgan. «Hindistonning vijdoni» deb nom olgan R. Thokurning «Janganamana» qo‘shig‘i ozod Hindistonning davlat madhiyasi sifatida jaranglamoqda. «Gitanjali» nomli she’rlar to‘plamini 1912 yilda adibning o‘zi ingliz taliga tarjima qilgan. Buyuk mutafakkir og‘ir xastalikka chalinib, 1941 yil 7 avgustda vafot etgan.Robindranat Tagorni jahon adabiyotida salmoqli urni bor.Uning oddiy hayotiy asarlari hamon uquvchilar qalbini hayajonga solib kelmoqda.
Добавлено (11.04.2009, 08:57)
---------------------------------------------
Onore de BALZAK haqida qisqacha ma'lumot.
BALZAK (Balzac) Onore de (1799.20.5, Tur - 1850.18.8, Parij) - frantsuz realist yozuvchisi. Balzakning ijodiy merosi janr jihatidan ulkan va xilma-xil: romanlar, povestlar, dramalardan iborat. Balzakning ko‘pgina romanlari va povestlari umumiy g‘oya asosida birlashtirilgan va «Insoniyat komediyasi» deb nomlangan ko‘p jildli epopeyani tashkil etadi. Unda Balzak o‘z zamonasidagi frantsuz jamiyatining haqqoniy, yorqin manzarasini yaratgan.<Insoniyat komediyasi»ni muallif 3 qismga bo‘lgan: «Odatlar haqidagi etyudlar», «Falsafiy etyudlar», «Analitik etyudlar». O’ylangan 143 ta asardan 97 tasi yozilgan. Eng katta qismi «Odatlar haqidagi etyudlar»dir, unga 72 ta roman kirgan bo‘lib, bular orasida — «Gobsek» (1830), «Yevgeniya Grande» (1833), «Gorio ota» (1834), «Yo‘qotilgan orzular» (1837—43) kabi asarlar bor.
Balzak ijodida frantsuz realizmi o‘zining yuksak pog‘onasiga ko‘tarildi. «Insoniyat komediyasi» epopeyasi 19-asrning 1-yarmidagi frantsuz jamiyatining realistik manzaralarini keng qamrovda aks ettirganligi, voqealarga, dalillarga boyligi, turli toifadagi kishilar dramasi yaratilganligi, yorqin obrazlari va personajlari bilan katta taassurot qrldiradi. Epopeya asarlari bir-biri bilan bog‘langan, qahramonlar taqdiri tutash. Sudxo‘r Gobsek, kommersant Grande, bankir Nusingen, ziyoli Rastinyak kabi obrazlar asardan asarga o‘ta boradi. Balzakning «Inson komediyasi» epopeyasi zamondoshlarining yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan. Balzakning «Yevgeniya Grande», «Gorio ota», «Gobsek», «Sag‘ri teri tilsimi» asarlari S. Muhammadjonov, M. Mirzoidov, M. Mahmudov va b. tarjimasida turli yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan.
Добавлено (11.04.2009, 09:14)
---------------------------------------------
Jahon adabiyotida salmoqli urin egallagan Balzak asarlari inson kechinmalari haqida ruyi rost hikoya qiladi.Ehtiroslarning bunday tiniqligini kurib beihtiyor yoqa ushlaysan.Ayniqsa Gobsek,Gorio ota,Sag'ri teri tilsimi asarlari nafaqat usha davr, hozirgi davrimizning ham muammolarini uzida aks ettirgan.Umuman frantsuz adabiyotini buyuk nomoyandalari Stendal,Mopassan,Prosper Merime, asarlari uzining hayotiligi soddaligi bilan uquvchilar qalbini rom etadi.Bu asarlarni uqishingizni tavsiya etaman.